Tarix
O‘zbekistonda ko‘zi ojizlar kutubxonalarining tashkil topishi va hozirgi kundagi ish faoliyati
Insoniyat yaratgan va u erishgan narsalarning bari kitoblar sahifalarida saqlanib qolgan. Shuning uchun bizdan oldin yashab o‘tgan ajdodlarimiz faoliyatida kitob to‘plash va kutubxonalar tashkil etish vazifasi muhim o‘rin egallagan.
Jamiyatlar rivojini, insoniyat kamolini kitobsiz, kutubxonasiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qaysi jamiyatda kutubxonalar rivojlanmas ekan, u yerda ma’naviyat, taraqqiyot bo‘lmaydi. Komil inson tarbiyasi, uning kamoli, ular orqali ta’lim tizimi, xalq xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, aholi turmush tarzining holati, ilm-fan rivoji turli sohalarga oid bilimlar mujassam bo‘lgan qog’oz va elektron shakldagi axborot-kutubxona faoliyatiga borib taqaladi.
Ilm-ma’rifat manbai bo‘lmish kitoblar jamiyat taraqqiyoti, uning ma’naviy yuksalishida muhim ahamiyatga ega ekanligi asrlar osha e’tirof etilgan. Bu muhim jihat ayniqsa, ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Turli sabablarga ko‘ra bunday holga tushgan fuqarolar insoniyatning benazir kashfiyoti bo‘lgan axborot manbalaridan asosan maxsus kutubxonalardan foydalangan holda bahramand bo‘ladilar. Buning boisi ko‘zi ojiz insonlar bevosita o‘qiy oladigan Lui Brayl yozuvidagi nashrlar oz nusxada nashr etilishi va har bir ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan aholining axborotga ega bo‘lishlarida kutubxonalar o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda dastlab ko‘zi ojiz fuqarolar Alisher Navoiy nomidagi xalq kutubxonasi – hozirgi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Lui Brayl yozuvidagi kitoblar fondidan foydalanganlar. Keyinchalik vatanimizda ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida kutubxonalar tizimi tashkil etilgan. Ilk kutubxona 1951 yilda Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Uning kitob fondidan asosan Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz aholi foydalangan. Keyingi davrda respublikamiz viloyatlarida istiqomat qiluvchi ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham kutubxonalar orqali xizmat ko‘rsatishga ehtiyoj ortib bordi.
Shuni e’tiborga olib, O‘z SSR Madaniyat ministrligining 1965-yil 11-dekabrdagi 137-sonli buyrug‘iga asosan 1966-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasi Respublika Madaniyat vazirligi tasarrufida Respublika Markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi maqomida faoliyatini davom ettirdi. Shu davrdan boshlab respublikadagi ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolarga kutubxona xizmatini amalga oshirish bo‘yicha metodik va muvofiqlashtiruvchi markazga aylantirildi. Shuningdek barcha viloyat universal ilmiy kutubxonalarida Lui Brayl yozuvida nashr etilgan kitoblarni jamg’arib boruvchi alohida bo‘lim tashkil etildi. Shu orqali joylardagi ko‘rish imkoniyati cheklangan fuqarolarga kutubxona xizmatini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Bu imkoniyat o‘sha ko‘zi ojiz nogironlarni matbuot nashrlaridan kutubxona orqali foydalanishlarida o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ko‘rish imkoniyati cheklangan aholiga kutubxona xizmatini yaxshilash maqsadida 1971-yildan boshlab viloyat universal kutubxonalarining Lui Brayl yozuvidagi kitoblar bo‘limi negizida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi aholi ko‘p istiqomat qiladigan shahar, tuman makazlarida ko‘zi ojizlar kutubxonalarini tashkil etishga kirishilib, bu vazifa 1973-ylda to‘liq amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti I.A.Karimovning 2006-yil 20-iyundagi PQ-381 sonli “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng ko‘zi ojizlar kutubxonalari Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufida qoldirildi. Mazkur qaror asosida 2007-2009 yillar davomida Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent va Xorazm viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalari tashkil etildi.
Respublika bo‘yicha kutubxona 88 mingdan ortiq foydalanuvchilarga, ulardan 41 mingdan ziyodi ko‘zi ojiz fuqarolar va ularning oila a’zolari, kutubxona joylashgan hududda istiqomat qiluvchi aholiga 2 ta Respublika, 12 ta viloyat va 132 ta shahar va tuman ko‘zi ojizlar axborot kutubxona xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Shuningdek, kutubxonadan olis joylarda yashovchi aholiga ko‘chma kutubxonalar orqali xizmat ko‘rsatish tashkil etilgan.
Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi (RMKOMK) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalari uchun metodik markaz hisoblanadi.
Jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, koʼzi ojiz kitobxonlar uchun mukammal sharoitlar yaratish, ularning mutolaa qilishga boʼlgan ehtiyojini toʼla taʼminlash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Respublikamizda koʼzi ojiz axoliga axborot kutubxona xizmatini yuqori darajada qondirishga qaratilgan yangi axborot markazlari tashkil etish, nogironligi boʼlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʼrsatish, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun zamonaviy, yuqori samarali axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning muntazam va mustaqil ravishda bilimini oshirishga koʼmaklashish asosiy vazifalarimizdan biridir. Shu qatorda ushbu sohada beminnat mehnat qilayotgan fidoiy hodimlarning xizmatlarini alohida ta’kidlab o’tish joiz.
Respublikamizdagi 146 ta ko‘zi ojizlar kutubxonalarida jami 500 ga yaqin xodim xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tizim tashkilotlari bo‘yicha ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnatlari uchun “Shuhrat” medali, “Madaniyat va san’at fidokori”, “Axborot-kutubxona a’lochisi” va “Mustaqillikning 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan kutubxona xodimlari mukofotlangan.
Bu yil xodimlarimiz uchun omadli keldi desam adashmagan boʼlaman. Chunki bir qator xodimlarimiz unvonlarga sazovor boʼlishdi. Ana shu yutuqlarning davomi sifatida va hodimlarni rag’batlantirish sifatida ham umumiy qilib “Kutubxonachilar kuni”ni nishonlash bevosita ularga bo’lgan e’tiborni hamda hurmatning yaqqol namunasi bo’ladi deb hisoblayman.
Bugungi kunda Respublikamizda axoliga axborot kutubxona xizmatini yuqori darajada qondirishga qaratilgan yangi axborot markazlari tashkil etish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirish boʼyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Kutubxonaning asosiy faoliyatlaridan biri kutubxona fondini maxsus adabiyotlar bilan boyitish (Brayl yozuvidagi, gapiruvchi adabiyotlar, bosma xafdagi adabiyotlar) va koʼzi ojiz foydalanuvchilarning talablarini qondirishdan iborat.
Аxborot-kutubxona faoliyati xizmatini yuqori darajaga koʼtarish, yangi axborot markazlarinini tashkil etish, nogironligi boʼlgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati koʼrsatish, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun zamonaviy, yuqori samarali axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning muntazam va mustaqil ravishda bilimini oshirish maqsadida Qonun, Prezident farmoni va qarorlari, hamda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Ammo, ta’kidlab o’tish joizki, ushbu sohada faoliyat yurituvchi insonlar uchun alohida bir kun e’tirof etilib boshqa kasb vakillari singari kasb bayrami sifatida nishonlansa maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Shuningdek, 13-noyabr Xalqaro koʼzi ojizlar kuni munosabati bilan “Qalbim bilan koʼraman dunyoni” milliy axborot-kutubxona haftaligini Respublika miqyosida tashkil etish va oʼtkazish, 10-aprel – “Kitobsevarlar kuni” sifatida belgilash, ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi kitobxonlarni rag’batlantirish va bevosita kitobxonlik madaniyatini ko’zi ojiz insonlar orasida rivojlantirish maqsadida “Eng faol kitobxon” ko‘krak nishonini ta’sis etishni joiz deb bilaman.
Respublikamizda jami 14 ta ko‘zi ojizlar va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab internatlari mavjud bo‘lib, ularda 4 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olmoqda. Kutubxonalarimiz bu o‘quv maskanlari bilan kitob targ’ibotlari, ommaviy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha borasida doimiy hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.
Kutubxona tuzilmasi 6 bo‘limdan iborat.
1.Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi.
2.Kitoblar bilan to‘ldirish va adabiyotlarga ishlov berish bo‘limi.
3.Kitoblarni saqlash bo‘limi.
4.Metodika va bibliografiya bo‘limi.
5.Ovoz yozish va axborot-texnologiyalari bo‘limi.
6. Taxririyat bo‘limi.
Yurtimizda shunday tafakkur maskanlari koʼpayishini, kutubxonalar qurilishi urfga aylanishini juda-juda istardik. Chunki maʼnaviyat uchun, maʼrifat uchun tikilgan har qanday sarmoya millatning, avlodlarning buyuk kelajagi uchun xizmat qilishini unutmaslik ham katta savobdir.
***
Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi
Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi kutubxonaga kelgan foydalanuvchilarni kutubxona qonun qoidalari bilan tanishtirib ularni a’zo qiladi, adabiyotlar bilan ta’minlaydi. Imkoniyati cheklangan, yolg‘iz keksa va qo‘shimcha nogironligi bor foylanuvchilarning uylariga adabiyotlarni olib borib beradi. Foydalanuvchilarni matbuot nashrlari bilan ta’minlaydi hamda qonun qaror farmoyishlar va yangiliklarni imkoniyati cheklangan foydalanuvchilarga o‘qib eshittiradi, shuningdek suhbat, adabiy badiiy kecha, tanlovlar, bellashuvlar, ovozli o‘qishlar, uchrashuv tadbirlarni tashkillashtiradi va o‘tkazadi.
Foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limida, abonement, o‘quv zali, kompyuter zali, ko‘chma kutubxonalar va shahar filiali kutubxonasi orqali kitobxonlarga xizmat ko‘rsatiladi.
Kitoblar bilan to‘ldirish va adabiyotlarga ishlov berish bo‘limi
Kitoblar bilan to‘ldirish va adabiyotlarga ishlov berish bo‘limi Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasining tarkibiy qismi bo‘lib, bo‘limning maqsadi kutubxona fondini foydalanuvchilarning talablari asosida adabiyotlar bilan to‘ldirib borishdan iborat.
Kutubxonada hisobiga olingan barcha turdagi nashrlarga o‘rnatilgan tartibda kutubxona ishlovi beriladi va kitoblar saqlash bo‘limiga topshiriladi.
Kitoblarni saqlash bo‘limi
Kitob jamg‘armasi yil davomida kitoblarni to‘ldirish va adabiyotlarga ishlov berish bo‘limi tomonidan barcha turdagi yangi adabiyotlar bilan to‘ldiriladi. Qabul qilingan yangi nashrlar kutubxonaning yordamchi jamg‘armalarida tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish bo‘limlariga tarqatiladi. Shuningdek, asosiy jamg‘armadan foydalanuvchilar so‘rovi asosida turli nashrlar ham yordamchi jamg‘armalarga yetkazib beriladi. Adabiyotlar jamg‘armaga qabul qilinadi va javonlarga kutubxona klassifikatsiyasi asosida joylashtiriladi. Jamg‘armalarga tarqatilgan va qayta topshirilgan kitoblar raqamli kartochkalarda rasmiylashtirilib, jamlama hisobga olish kitobiga qayd etiladi. Rasmiylashtirilgan raqamli kartochkalar raqamli katalogning tegishli tortmalariga joylashtiriladi.
Jamg‘armada saqlanayotgan “gapiruvchi” kitoblardan adabiyotlarning sifati tekshiriladi va ulardan mazmunan eskirgan va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan kitoblar ajratib olinadi.
Har bir turdagi adabiyotlarning elektron shakldagi yakka hisobga olish kitoblari umumlashtirilib tekshiruvdan o‘tkaziladi. Elektron shakldagi yakka tartibda hisobga olish kitoblarini raqamli katalog kartochkalari bilan taqqoslash ishlari amalga oshiriladi.
Kitob jamg‘armasini saqlash bo‘limning maqsad vazifalari quyidagilardan iborat: Jamg‘armani ilmiy asosda shakllantirish va tashkil etish; Kutubxona abonementi, o‘quv zallari filiallar, ko‘chma kutubxonalar va kutubxonalararo abonement orqali kitobxonlarning axborot so‘rovini tezkorlik bilan qondirish; Jamg‘arma va raqamli katalogning sifatli saqlanishini ta’minlash; Kam foydalaniladigan adabiyotlarni targ‘ib qilish; Nashrlarni kutubxona hisobidan chiqarish.
Metodika-bibliografiya bo‘limi faoliyati.
Metodika-bibliografiya bo‘limi respublikadagi barcha ko‘zi ojizlar kutubxonalari faoliyatini o‘rganishga oid ishlarni tashkil etadi va hududiy kutubxonalar ishini taxlil qiladi. Viloyat kutubxonalarining har yili yil yakuni bo‘yicha axborot va raqamli hisobotlari qabul qilinadi va muvofiqlashtiriladi. Kelasi yil ish rejalari o‘rganilib tahlil qilinadi. Xorijiy kutubxonalarining ilg‘or ish tajribalarini o‘rganadi va amalda joriy etadi va bevosita joylarga chiqqan xolda, hududiy kutubxonalariga amaliy yordam ko‘rsatadi. Shu bilan birga o‘z vaqtida metodik markaz mutaxassislari tomonidan joylarda metodik va amaliy yordamlar, kutubxona xodimlari uchun amaliyot, malaka oshirish hamda maxorat darslari tashkillashtiradi. Respublika bo‘yicha o‘tkaziladigan seminarlar, direktorlar kengashi hamda ko‘rik-tanlovlar xujjatlarini jamlaydi va bevosita yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdim etadi. Yil davomida turli mavzularda uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanadi. Qo‘llanmalarga O‘zbekiston yozuvchi va shoirlarining hayoti, ijodi hamda kutubxonachilik sohasida ish yuritishni yaxshilashda asos bo‘luvchi mavzular e’tiborga olinadi.
O‘tkaziladigan tadbirlar mavzularida bibliografik sharh tayyorlab, tashkil etiladigan kitob ko‘rgazmalariga sharh beriladi va muntazam ravishda adabiyotlarning tavsiyaviy ro‘yxatlari tuzib boriladi.
Yil davomida kitob fondiga olingan yangi adabiyotlar targ‘ib qilish maqsadida yangi kitob taqdimotini o‘tkazish bibliograf rejasiga kiritilgan.
Har oy davomida bibliograf tomonidan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tizimidagi boshlang‘ich tashkilot a’zolari uchun turli mavzularda bibliografik sharhlar tayyorlanadi.
Shuningdek, bosma va Brayl yozuvida yuritiladigan bibliografik matbuot maqolalari kartotekalari davom ettirilib yangi mavzular bilan to‘ldiriladi.
Ovoz yozish studiyasi va axborot texnologiyalari bo‘limi
Ovoz yozish va axborot texnologiyalari bo‘limi Respublikadagi barcha viloyat kutubxonalarini audio kitoblar bilan ta’minlash maqsadida audio kitoblar yozish studiyasi tashkil qilingan. Foydalanuvchilarning extiyojlaridan kelib chiqib ovoz yozish studiyasida audiokitoblar yoziladi. Studiyada audio kitoblar yozishdan tashqari fonddagi mavjud o‘qilish imkoni yo‘q, eskirgan magnit lentalar va mikrokassetalar qaytadan disklarga ko‘chiriladi.
Taxririyat bo‘limi
Taxririyat bo‘limida mutaxassisilar tomonidan ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun Brayl yozuvidagi bo‘rtma nuqtali adabiyotlar chop etiladi.
Bugungi kunda Respublikamizda axoliga axborot kutubxona xizmatini yuqori darajada qondirishga qaratilgan yangi axborot markazlari tashkil etish, axborot-kutubxona faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kutubxonaning asosiy faoliyatlaridan biri ko‘zi ojizlar kutubxonalari fondlarini maxsus adabiyotlar bilan boyitish (Brayl yozuvidagi, gapiruvchi adabiyotlar, bosma xarfdagi adabiyotlar) va ko‘zi ojiz foydalanuvchilarning axborot olishga bo‘lgan talablarini qondirishdan iborat.
Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 sentyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 739-son qaroriga ilova bo‘lib tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturining III-bo‘lim, 12-bandiga asosan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi xuzuridagi axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish Jamg‘armasi fondidan ajratilgan mablag‘lar evaziga keltirilgan Brayl yozuvida adabiyotlarni chop etish uchun bosmaxona o‘z ish faoliyatini yuritmoqda.
Brayl yozuvida adabiyotlarni chop etuvchi bosmaxona viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalarining buyurtmasiga hamda kitobxonlar qiziqishlariga asosan bo‘rtma nuqtali kitoblarni chop etadi.
Bugungi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalari inson faoliyatining ajralmas qismiga aylanib, har jihatdan yuksalishida namoyon bo‘lmoqda. Internet tarmog‘idan turli ma’lumotlarni olish, insonning bilim darajasini oshira borishiga imkoniyat yaratmoqda. Shundan kelib chiqib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi ACCESS loyihasi hamkorligida 2010-yilda kutubxonada “Ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan yoshlarning intellektual darajasini qo‘llab quvvatlash markazi” tashkil etildi. Bu markazning faoliyatini rivojlantirish borasida o‘zining maxsus moslamalariga ega bo‘lgan kompyuter zali tashkil etildi. Kompyuter zalida ko‘zi ojiz kitobxonlar foydalanishi uchun 10 ta kompyuter lokal tizimi orqali internet tarmog‘idan foydalanadilar. Shuning bilan birga quyidagi imkoniyatlar mavdud.
JAWS – dasturi orqali mustaqil holda istalgan, qiziqtirgan axborotni eshitish imkoniyati yaratilgan.
SARA – skaner alohida qurilma bo‘lib, u bosma harfdagi kitob, vaqtli matbuot nashrlarida chop etilgan matnlarni istalgan, ya’ni erkak yoki ayol ovozida eshitish, hamda matn va suratlarni kompyuterga ko‘chirib, printer orqali bosib chiqarish mumkin.
TOPAZ – bosma matnni kattalashtirib beruvchi apparat bo‘lib, zaif ko‘ruvchi foydalanuvchilarga bosma harfdagi matnlarni mustaqil ravishda o‘qish imkonini yuzaga keltiradi.
2021 yilda Yana bir innovatsion yangilik Sherzod Boboqulov tomonidan “FIX” xizmat ko‘rsatish mobil ilovasi” yaratildi. Ushbu innovatsion yangilik – kutubxona foydalanuvchilari va xodimlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu ilova orqali dasturiy ta’minot bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladi.
Shu bilan birga O‘zbekistonda ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun xech qanday interaktiv kompyuter o‘yinlari joriy qilinmagan edi. RMKOK WEB-dasturchisi Boboqulov Sherzod tomonidan ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun “Smart-bomb”, “City’s” “Сокровище пещеры Монте-Кристо” nomli interaktiv-sarguzashtli o‘yinlar joriy qilindi.
Shuningdek, Boboqulov Sherzod muallifligida Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi ovoz yozish studiyasi tomonidan ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun “Adobe Audition dasturini audio podkastlar yordamida o‘rganamiz” nomli audio o‘quv qo‘llanmasi yozildi.
RMKOK tomonidan ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan kitobxonlar o‘rtasida “Eng faol kitobxon”, “Brayl yozuvida tez va ifodali o‘quvchi kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon oila” kabi ko‘rik-tanlovlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Kutubxona xodimlari tomonidan ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun mo‘ljallangan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kompyuter savodxonligi bo‘yicha maxsus to‘garaklar tashkil etilib, ularning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yib kelinmoqda. Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasining sayti (rmkok.uz) TELEGRAMM (https://t.me/rmkok), FACEBOOK (Rmkok Toshkent) va INSTAGRAM (@rmkok_braylbooks) ijtimoiy tarmoq xamda massendjerlarida o‘z saxifalari mavjud.
Bunda kanal a’zolari kutubxonaning audio kitoblar yozish studiyasi tomonidan yozilgan audio kitoblarni yuklab olishlari mumkin.
Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi 2022-yilda Qozog‘iston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalari bilan memorondumlar imzoladi.
Maqsadimiz kelajakda qat’iy dastur asosida faoliyat olib borib, yoshlarimizning va ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan insonlarning intellektual salohiyatini oshirib, o‘zgalardan kam bo‘lmagan holda barkamol inson bo‘lib, ulg‘ayishlariga hissamizni qo‘shishdan iborat.