O'zbekiston gerbi

RESPUBLIKA MARKAZIY KO’ZI OJIZLAR MAXSUS KUTUBXONASI

 

Normativ hujjatlar

 

Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilishning hozirgi sharoitida axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishning maqsad va vazifalari mamlakatda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga va xalqaro amaliyotga mos boʻlishi zarur. Shu munosabat bilan fuqarolarning axborotdan erkin foydalanish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlarini, shu jumladan, milliy qadriyatlar va jahon madaniyati, amaliy va fundamental bilimlardan bahramand boʻlishini taʼminlaydigan aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishning sifat jihatdan yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Bu esa axborot-kutubxona faoliyatiga, kitobxonlarga xizmat koʻrsatish, fondlarni toʻldirish va saqlash, kutubxona jarayonlarini avtomatlashtirish, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy faoliyat, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ragʻbatlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga jiddiy taʼsir koʻrsatish imkonini beradi.
Aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar aholiga axborot-kutubxona xizmatikoʻrsatishni sifat jihatidan yanada rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar etib belgilansin:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda axborot-kutubxona faoliyatini isloh qilish;
aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish boʻyicha ijtimoiy kafolatlarni sifatli taʼminlash hamda zamonaviy talablarni hisobga olgan holda axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishni barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish;
axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, yangi bino va inshootlarni qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash;
kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklikni, xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmogʻini rivojlantirish;
kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish (shu jumladan, pullik xizmat koʻrsatish) tezkorligini oshirish uchun elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirish;
axborot-kutubxona muassasalari xavfsizligini hamda milliy va jahon madaniy merosining bir qismi sifatida axborot-kutubxona fondlarining yaxshi saqlanishini taʼminlash;
jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatga qiziqishini shakllantirish vakuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish va targʻib qilish;
axborot-kutubxona muassasalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.
2. Quyidagilar:
a) 2019-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish konsepsiyasi 1-ilovaga muvofiq;
b) 2019-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida axborot-kutubxona sohasini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
2-ilovaga muvofiq;
v) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
g) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazining (keyingi oʻrinlarda – Milliy kutubxona) xodimlar umumiy cheklangan soni 227 nafardan iborat boshqaruv apparati tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Milliy kutubxona direktoriga zarur hollarda Milliy kutubxona boshqaruv apparati tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni
va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga tushadigan mablagʻlarning ikki foizini Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi – axborot-resurs markazi huzuridagi byudjetdan tashqari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining:
Milliy kutubxona qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini tashkil etish, shuningdek, umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari qoshida faoliyat koʻrsatayotgan barcha axborot-resurs markazlarini tugatish;
umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarining kitob fondlari va shtat birliklarini yangidan tashkil qilinayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga berish;
axborot-resurs markazlarini tugatishda umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining kutubxonalarini amaldagi normativlarga muvofiq tegishli kitob fondi va shtat birliklari bilan birga saqlab qolish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5. Quyidagilar yangi tashkil etilayotgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish uchun sifat jihatidan yangi va qulay shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida ularning ilmiy, taʼlim, axborot va madaniy ehtiyojlarini qondirish;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarigaijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, mustaqil taʼlim olish va muloqot doirasini kengaytirish vositasi sifatida axborotdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
foydalanuvchilarga har qanday (bosma, multimedia va raqamli) tashuvchilarda, shu jumladan, Internet tarmogʻida sifatli axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish;
oʻz axborot-resurslarini yaratish va ularni sifatli toʻldirib borish orqali kitobxonlarga anʼanaviy xizmat koʻrsatish usulidan ularni zamonaviy axborot-kutubxona xizmatlari bilan taʼminlashga oʻtish;
aholiga axborot-kutubxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyichamasofadan xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
6. Agentlik:
bir oy muddatda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish hamda ularni kompyuter texnikasi va boshqa turdagi orgtexnika, mebel, shu jumladan, maxsus mebel, shuningdek, tegishli kutubxona uskunalari bilan jihozlash boʻyicha talablarni ishlab chiqsin, bunda imkoniyati cheklangan shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun oʻquv zallarini maxsus kompyuter jihozlari va boshqa qoʻshimcha vositalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining Internet tarmogʻiga ulanishini va ular uchun Milliy kutubxona elektron resurslaridan foydalanish imkoniyatini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda axborot-kutubxona markazlari faoliyatining reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda aholiga kuni uzaytirilgan tartibda xizmat koʻrsatilishini koʻzda tutsin;
aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar (til oʻrgatish, kompyuter kurslarini tashkil etish, matnli, audio va videomateriallar nusxalarini yaratish, shuningdek, boshqa kutubxona xizmatlari) roʻyxatini kengaytirish orqali axborot-kutubxona markazlarining byudjetdan tashqari daromadlarini oshirish choralarini koʻrsin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va jihozlash talablarini hisobga olgan holda:
ikki oy muddatda tumanlar (shaharlar) markazlarida tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va ularning toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun binolarni belgilangan tartibda ajratsin;
ajratilgan binolarni kapital taʼmirlashni taʼminlasin, bunda tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarining oʻquv zallarida va boshqa umumiy foydalaniladigan xonalarida imkoniyati cheklangan shaxslar toʻsiqsiz foydalanishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratsin, shuningdek, ularni zarur uskuna va texnika bilan jihozlasin;
b) tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirsin va ushbu markazlarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;
v) umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining axborot-resurs markazlarini tugatish natijasida ishdan boʻshagan xodimlarni belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Belgilansinki:
Milliy kutubxonaning qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash xarajatlari 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrida ijtimoiy sohaga moʻljallangan byudjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi, 2020-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida koʻzda tutiladi;
tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini saqlash xarajatlari tumanlar va shaharlar mahalliy byudjetlarida umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarini saqlash uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
yangi tashkil etiladigan axborot-kutubxona markazlarini kadrlar bilan toʻldirish birinchi navbatda umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarida faoliyat koʻrsatayotgan malakali kadrlar hisobiga amalga oshiriladi;
tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari binolarini kapital taʼmirlash hamda ularni zamonaviy uskuna va texnikalar bilan jihozlashni moliyalashtirish umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining tugatilayotgan axborot-resurs markazlarining maqbullashtirilayotgan byudjet ajratmalari, tuman va shaharlar mahalliy byudjetlarining prognozni oshirib bajarishdan olinadigan daromadlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari kutubxona fondlarini toʻldirish, shuningdek, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari, Jamgʻarma mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Madaniyat vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda kutubxonachilik ishi sohasida mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oʻrganish asosida sohaga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlariga “Kutubxona-axborot faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul kvotalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:
vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, shu jumladan, harbiy qismlarda idoraviy kutubxonalarni tashkil qilish (takomillashtirish);
idoraviy kutubxonalarning kitob fondini va moddiy-texnika bazasini yaratish, yangilash va toʻldirishni ushbu maqsadlar uchun davlat organlariga byudjetdan ajratilgan mablagʻlar, shuningdek, byudjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;
Agentlik takliflari asosida idoraviy kutubxonalarning kitob fondini yangilash va toʻldirish uchun zarur nashrlar roʻyxatini har yili shakllantirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
11. Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 21-mayni Kutubxonachilar kuni deb belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin, bunda kutubxonachilarni koʻp yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ragʻbatlantirish koʻzda tutilsin.
Agentlik bir oy muddatda “Kutubxonachilar kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
12. Agentlik manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi K.I.Allamjonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 7-iyun

ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ВАЗИРЛАР МАҲКАМАСИНИНГ ҚАРОРИ

НОГИРОНЛИГИ БЎЛГАН ШАХСЛАРГА АХБОРОТ-КУТУБХОНА ХИЗМАТИ КЎРСАТИШ ТИЗИМИНИ ТАКОМИЛЛАШТИРИШ ТЎҒРИСИДА
Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018 йил 22 январдаги ПФ-5308-сон Фармони билан тасдиқланган 2017 — 2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегиясини «Фаол тадбиркорлик, инновацион ғоялар ва технологияларни қўллаб-қувватлаш йили»да амалга оширишга оид Давлат дастури ижросини таъминлаш ҳамда ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини такомиллаштириш мақсадида Вазирлар Маҳкамаси қарор қилади:
1. Қуйидагилар ногиронлиги бўлган шахсларга кўрсатиладиган ахборот-кутубхона хизмати сифатини яхшилаш, уларнинг ахборотга бўлган талабини қондириш ва бўш вақтларини мазмунли ўтишини таъминлаш борасида асосий вазифалар этиб белгилансин:
ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш, уларнинг маданий эҳтиёжларини қондириш учун замонавий, юқори самарали ахборот-коммуникация технологияларидан фойдаланган ҳолда қулай шарт-шароитлар яратиш, уларнинг мунтазам ва мустақил равишда билимини оширишга кўмаклашиш;
ногиронлиги бўлган шахсларга хизмат кўрсатадиган ахборот-кутубхона муассасаларининг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш, уларнинг ахборот-кутубхона фондини миллий ва чет эл нашрлари билан тизимли равишда бойитиб бориш;
ахборот-кутубхона муассасаларига келишга имконияти йўқ фойдаланувчилар учун Интернет жаҳон ахборот тармоғи орқали аудио китоблардан фойдаланиш тизимини йўлга қўйиш ҳамда кўчма кутубхоналар ташкил этиш;
ногиронлиги бўлган шахсларга хизмат кўрсатадиган ахборот-кутубхона муассасалари учун кадрлар тайёрлаш, қайта тайёрлаш, малакасини оширишнинг аниқ тизим ҳамда механизмларини яратиш ва амалга ошириш.
2. Ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини такомиллаштириш ҳамда кўзи ожизлар кутубхоналари фаолиятини ривожлантириш ва уларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш бўйича комплекс чора-тадбирлар дастури иловага мувофиқ тасдиқлансин.
3. Ўзбекистон Республикаси Маданият вазирлиги:
бир ой муддатда Қорақалпоғистон Республикаси, Сирдарё ва Хоразм вилоятларида янги қуриладиган кўзи ожизлар кутубхоналари лойиҳаларининг техник-иқтисодий ҳисоб-китобларини ишлаб чиқсин;
2018 йил 1 октябргача Қорақалпоғистон Республикаси, Сирдарё ва Хоразм вилоятларида янги қуриладиган кўзи ожизлар кутубхоналари лойиҳаларининг техник-иқтисодий ҳисоб-китобларини экспертизадан ўтказиш учун Ўзбекистон Республикаси Қурилиш вазирлигининг «Шаҳарсозлик ҳужжатлари экспертизаси» давлат унитар корхонасига киритсин.
4. Ўзбекистон Республикаси Маданият вазирлиги Инвестициялар бўйича давлат қўмитаси билан биргаликда:
2018 йил 1 ноябргача Қорақалпоғистон Республикаси, Сирдарё ва Хоразм вилоятларида янги қуриладиган кўзи ожизлар кутубхоналари лойиҳалари белгиланган тартибда 2019 йилга мўлжалланган Ўзбекистон Республикасини ривожлантириш дастури лойиҳаси режасига киритилишини таъминласин;
2020 — 2024 йилларда Ўзбекистон Республикаси Маданият вазирлигининг соҳавий ривожланиш концепциясини ва лойиҳалар портфелини ишлаб чиқсин, бунда республикадаги кўзи ожизлар кутубхоналарини ривожлантиришни назарда тутсин ва 2019 йил 1 апрелгача тасдиқлаш учун Вазирлар Маҳкамасига киритсин;
лойиҳа портфелини ишлаб чиқишда Республика Марказий кўзи ожизлар кутубхонаси, Бухоро, Жиззах, Навоий, Тошкент вилоятлари ва Тошкент шаҳрида янги қуриладиган кўзи ожизлар кутубхоналарини қуриш ҳамда Андижон, Қашқадарё, Наманган, Сурхондарё ва Фарғона вилоятлари кўзи ожизлар кутубхоналари биноларини реконструкция қилиш ва жиҳозлашни назарда тутсин.
5. Қуйидагилар Ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини такомиллаштириш ҳамда кўзи ожизлар кутубхоналари фаолиятини ривожлантириш ва уларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш бўйича комплекс чора-тадбирлар дастурини молиялаштириш манбалари этиб белгилансин:
Ўзбекистон Республикасининг Давлат бюджети маблағлари;
Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳридаги кўзи ожизлар кутубхоналари биноларини қуриш, реконструкция қилиш ва жиҳозлаш ишлари бўйича келгуси йилларда Ўзбекистон Республикасининг ривожланиш давлат дастурлари доирасида ажратиладиган марказлаштирилган капитал қўйилма маблағлари;
Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳрининг туман (шаҳар)ларидаги кўзи ожизлар кутубхоналари филиаллари биноларини қуриш, реконструкция қилиш бўйича Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳар маҳаллий бюджетларининг қўшимча манбалари;
Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳрининг туман (шаҳар)ларидаги кўзи ожизлар кутубхоналари филиаллари биноларини жиҳозлаш бўйича Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳар маҳаллий бюджетлари маблағлари;
Ўзбекистон Миллий кутубхонаси — ахборот ресурс маркази ҳузуридаги бюджетдан ташқари Ахборот-кутубхона муассасаларини ривожлантириш жамғармаси маблағлари;
юридик ва жисмоний шахсларнинг ҳомийлик хайриялари;
хорижий кредитлар ва грантлар ҳамда қонун ҳужжатларида тақиқланмаган бошқа манбалар.
Кўзи ожизлар кутубхоналарини жорий сақлаш билан боғлиқ харажатлар Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари ва қонун ҳужжатларида тақиқланмаган бошқа манбалар ҳисобига амалга оширилади.
6. Ўзбекистон Республикаси Қурилиш вазирлиги объектларда амалга ошириладиган қурилиш-монтаж ишларининг бажарилиши сифати устидан давлат архитектура-қурилиш назоратини ўрнатсин.
7. Мазкур қарорнинг бажарилишини назорат қилиш Ўзбекистон Республикаси маданият вазири Б.С. Сайфуллаев зиммасига ҳамда Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг Маданият, санъат ва ёшлар сиёсати масалалари ахборот-таҳлил департаментига юклансин.
Ўзбекистон Республикасининг Бош вазири А. АРИПОВ
Тошкент ш.,
2018 йил 18 сентябрь,
739-сом.
Вазирлар Маҳкамасининг 2018 йил 18 сентябрдаги 739-сон қарорига
ИЛОВА
Ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини такомиллаштириш ҳамда кўзи ожизлар кутубхоналари фаолиятини ривожлантириш ва уларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш бўйича комплекс
ЧОРА-ТАДБИРЛАР ДАСТУРИ
Т/р Чора-тадбирлар номи Бажариш муддати Молиялаштириш манбалари Бажариш учун масъуллар
I. Ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатишга оид норматив-ҳуқуқий базани такомиллаштириш
1. Ногиронлиги бўлган шахсларга хизмат кўрсатадиган ахборот-кутубхона муассасаларини (кейинги ўринларда махсус ахборот-кутубхона муассасалари деб аталади) жиҳозлаш, адабиётлар ва замонавий технологиялар билан таъминлаш меъёрларини ишлаб чиқиш ва тасдиқлаш. 2018 йил
ноябрь — Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
Молия вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
2. Республикадаги барча турдаги ахборот-кутубхона муассасаларида, шу жумладан, кўзи ожизлар кутубхоналарида ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тартибини ишлаб чиқиш ва тасдиқлаш. 2018 йил
декабрь ¬¬¬— Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
3. Кўзи ожизлар кутубхоналари тўғрисида янгиланган намунавий низом лойиҳасини ишлаб чиқиш ва тасдиқлаш. 2018 йил
декабрь — Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
4. Республикадаги барча турдаги ахборот-кутубхона муассасалари, шу жумладан, кўзи ожизлар кутубхоналари биноларини қуриш, реконструкция қилиш ва жиҳозлаш бўйича техник талабларни ишлаб чиқиш ва тасдиқлаш.
Бунда, «Инсонларнинг ҳаёти ва фаолияти муҳитини, ногиронлар эҳтиёжини ва аҳолининг кам ҳаракатланувчи гуруҳларини ҳисобга олган ҳолда лойиҳалаш» талабларига риоя этиш. 2019 йил
март ¬¬¬— Матбуот ва ахборот агентлиги,
Маданият вазирлиги,
Қурилиш вазирлиги,
Ўзбекистон кўзи ожизлар жамияти, манфаатдор вазирликлар ва идоралар
5. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари мутахассисларини тайёрлаш, қайта тайёрлаш ва малакасини ошириш бўйича таклифларни ишлаб чиқиш ҳамда Вазирлар Маҳкамасига киритиш. 2018 йил
ноябрь ¬¬¬— Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, манфаатдор вазирликлар ва идоралар
II. Ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини такомиллаштириш
6. Республикадаги барча турдаги ахборот-кутубхона муассасалари томонидан ногиронлиги бўлган шахсларга ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш сифатини янада яхшилашга қаратилган чора-тадбирлар режасини ишлаб чиқиш ва амалга оширилишини таъминлаш.
Бунда, ахборот-кутубхона муассасаларида ногиронлиги бўлган шахсларга зарур шароитлар ва қулайликлар яратиш, уларнинг ахборотга бўлган талабини тўлақонли қондириш ҳамда бўш вақтлари мазмунли ўтишини таъминлашга алоҳида эътибор қаратиш. режа ишлаб чиқиш — бир
ой муддатда, амалга ошириш — режа асосида Ижрочилар маблағлари Матбуот ва ахборот агентлиги,
Маданият вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
7. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари томонидан ахборот-кутубхона хизмати кўрсатиш учун ногиронлиги бўлган шахслар тўлиқ қамраб олинишини таъминлаш мақсадида республикадаги 1, 2 ва 3-гуруҳ ногиронлиги бўлган шахсларнинг рўйхатини шакллантириш, рўйхатни ҳар уч йилда янгилаб бориш.
Шакллантирилган рўйхат асосида 250 нафар кўзи ожиз ногиронлиги бўлган шахслар яшайдиган туман (шаҳар)ларда янги кўзи ожизлар кутубхонаси филиалларини ташкил этиш чораларини кўриш. 2018 йилдан
бошлаб ҳар
уч йилда
ҳар йил якунида —
¬¬¬Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари ва қонун ҳужжатлари билан тақиқланмаган бошқа манбалар Соғлиқни сақлаш вазирлиги,
Маданият вазирлиги,
Бандлик ва меҳнат муносабатлари вазирлиги, манфаатдор вазирликлар ва идоралар
Маданият вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
8. Кўзи ожизлар кутубхоналарида ногиронлиги бўлган шахслар учун компьютер саводхонлиги бўйича махсус тўгараклар ташкил этиш ва уларнинг фаолиятини самарали йўлга қўйиш. 2018 — 2022 йиллар мобайнида Ижрочилар маблағлари, грантлар,
ҳомийлик хайриялари Маданият вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, манфаатдор вазирликлар ва идоралар
9. Ногиронлиги бўлган китобхонлар ўртасида «Энг фаол китобхон», «Брайль ёзувида тез ва ифодали ўқувчи китобхон», «Энг яхши китобхон оила» каби кўрик-танловларни ташкил этиш учун танлов низомларини ишлаб чиқиш ва тасдиқлаш.
Мазкур кўрик-танловларни тасдиқланган низом асосида мунтазам ва босқичма-босқич ўтказиб бориш. 2019 йил
март
белгиланган муддатларда Ижрочилар маблағлари Маданият вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
III. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари фаолияти самарадорлигини янада ошириш, моддий-техника базасини яхшилаш, замонавий ахборот-коммуникация технологияларини жорий этиш, китоб фондларини бойитиш ва янгилаб бориш
10. Кўзи ожизлар кутубхоналари ва уларнинг филиаллари фондининг сақланиши, уларни ҳарорат, намлик ва ёруғликнинг таъсирини мунтазам назорат қилиб борадиган жиҳозлар билан таъминлаш.
Кўзи ожизлар кутубхоналари ва уларнинг филиалларида хавфсизликни таъминлаш мақсадида видеокузатув мосламалари, сигнализация тизимларини ўрнатиш. 2018 — 2022 йиллар Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари Маданият вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳар ҳокимликлари
11. Ахборот-кутубхона муассасаларига келишга имконияти бўлмаган фойдаланувчилар учун қулай шароитлар яратиш мақсадида Интернет жаҳон ахборот тармоғи миллий сегментидаги электрон кутубхона веб-ресурсларини ташкил этиш. 2018 — 2022 йилларда режа асосида Ижрочилар маблағлари, грантлар,
хайрия маблағлари Матбуот ва ахборот агентлиги,
Ахборот технологиялари
ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги,
Маданият вазирлиги,
манфаатдор вазирликларва идоралар
12. Марказий кўзи ожизлар кутубхонасида Брайль ёзувида адабиётлар чоп этиш учун типография ҳамда аудио китоблар яратиш мақсадида овоз ёзиш студиясини ташкил этиш. 2019 йил
март Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари Маданият вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги
13. Қорақалпоғистон Республикаси, вилоятлар ва Тошкент шаҳар кўзи ожизлар кутубхоналари томонидан туман (шаҳар) кутубхоналарини китоблар билан ўз вақтида таъминлаш ҳамда кўчма кутубхоналар ташкил этиш мақсадида улардаги мавжуд автотранспорт воситаларини белгиланган тартибда сотиш ва сотишдан тушган тушумнинг етмаган қисмини қоплаш ҳисобига уларни15 та янги «Дамас» автомашинаси билан таъминлаш. 2019 йил июль Ўзбекистон Миллий кутубхонаси — ахборот ресурс маркази ҳузуридаги бюджетдан ташқари Ахборот-кутубхона муассасаларини ривожлантириш жамғармаси Матбуот ва ахборот агентлиги,
Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси,
Иқтисодиёт вазирлиги,
Маданият вазирлиги
14. Кўзи ожизлар кутубхоналари фондининг махсус электрон каталогини яратиш ва мунтазам равишда янгилаб бориш учун замонавий компьютер техникаси, юқори аниқликдаги махсус сканер ва бошқа техник жиҳозлар билан таъминлаш. 2020 йил июль Ўзбекистон Миллий кутубхонаси — ахборот ресурс маркази ҳузуридаги бюджетдан ташқари Ахборот-кутубхона муассасаларини ривожлантириш жамғармаси ҳамда Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари Матбуот ва ахборот агентлиги,
Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси,
Маданият вазирлиги,
Молия вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
15. Қорақалпоғистон Республикаси кўзи ожизлар кутубхонасида қорақалпоқ тилига ихтисослаштирилган Брайль ёзувида адабиётлар чоп этиш учун мини типография ҳамда аудио китоблар яратиш мақсадида овоз ёзиш студиясини ташкил этиш. 2020 йил
сентябрь Ўзбекистон Республикаси Давлат бюджети маблағлари Маданият вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги
IV. Махсус ахборот-кутубхона муассасаларининг кадрлар ва касбий салоҳиятини мустаҳкамлаш, уларни тайёрлаш, қайта тайёрлаш, малакасини ошириш ва рағбатлантириш
16. Махсус ахборот-кутубхона муассасаларида фаолият юритаётган ходимлар ҳамда ёш мутахассисларни қўллаб- қувватлаш, уларнинг шарт-шароитларини яхшилаш мақсадида жойларда имтиёзли ипотека кредитлари ҳисобига уй-жойлар ажратиш. 2018 — 2022 йиллар мобайнида — Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳар ҳокимликлари,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
Маданият вазирлиги
17. Махсус ахборот-кутубхона муассасаларининг кадрлар билан таъминланганлиги ҳолатини чуқур ўрганиш, шунингдек, уларнинг истиқболли талаб-эҳтиёжидан келиб чиқиб тегишли олий таълим ва ўрта махсус таълим муассасаларида кадрлар тайёрлаш, қайта тайёрлаш, малакасини ошириш ва олий таълим муассасаларида кутубхоначилик соҳаси бўйича сиртқи бўлим очиш юзасидан таклиф киритиш. 2019-2020 ўқув йилидан бошлаб ҳар йили — Маданият вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
18. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари ходимлари фаолиятининг самарадорлигини баҳолаш механизмини жорий этиш. Шу жумладан, ходимларни аттестациядан ўтказиш, уларнинг малака ва билимини баҳолаш. 2019 йил
июль — Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
Бандлик ва меҳнат муносабатлари вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
19. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари мутахассисларини замонавий фан ютуқларидан, хорижий тажрибадан хабардор қилиб бориш мақсадида:
жаҳондаги мавжуд ногиронлиги бўлган шахсларга хизмат кўрсатувчи кутубхоналар билан ҳамкорликда республикада халқаро илмий-амалий конференциялар, форумлар, семинарлар ва маҳорат дарсларини ўтказиш;
хорижда тажриба алмашиш ва малака ошириш тизимини йўлга қўйиш, халқаро миқёсдаги илмий-амалий семинарлар, конференцияларда соҳанинг етук мутахассислари иштирокини таъминлаш;
халқаро алоқаларни кучайтириш. мунтазам равишда Ижрочилар маблағлари, грантлар,
ҳомийлик хайриялари Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги,
Ташқи ишлар вазирлиги,
манфаатдор вазирликлар ва идоралар
20. Махсус ахборот-кутубхона муассасалари ходимлари ўртасида «Йилнинг энг яхши кутубхоначиси» республика кўрик-танловларини ташкил этиш ва юқори савияда ўтказиш ҳамда ғолибларни муносиб тақдирлаш. ҳар йили Ижрочилар маблағлари Маданият вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги

(Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 20.09.2018 й., 09/18/739/1890-сон)

ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ПРЕЗИДЕНТИНИНГ ҚАРОРИ

КИТОБ МАҲСУЛОТЛАРИНИ НАШР ЭТИШ ВА ТАРҚАТИШ ТИЗИМИНИ РИВОЖЛАНТИРИШ, КИТОБ МУТОЛААСИ ВА КИТОБХОНЛИК МАДАНИЯТИНИ ОШИРИШ ҲАМДА ТАРҒИБ ҚИЛИШ БЎЙИЧА КОМПЛЕКС ЧОРА-ТАДБИРЛАР ДАСТУРИ ТЎҒРИСИДА
Бугунги кунда мамлакатимизда 2017 — 2021 йилларда Ўзбекистон Республикасини ривожлантиришнинг бешта устувор йўналиши бўйича Ҳаракатлар стратегияси асосида барча соҳа ва тармоқларда улкан ўзгаришлар амалга оширилмоқда. Бу борада жамият ҳаётида эзгу қадрият ва анъаналарни чуқур қарор топтиришга, хусусан, халқимиз, айниқса, ёш авлоднинг маънавий-интеллектуал салоҳияти, онгу тафаккури ва дунёқарашини юксалтиришда, она Ватани ва халқига муҳаббат ва садоқат туйғуси билан яшайдиган баркамол шахсни тарбиялашда беқиёс аҳамиятга эга бўлган китобхонлик маданиятини оширишга алоҳида эътибор қаратилмоқда.
Ушбу йўналишда тегишли ҳуқуқий-меъёрий базани мустаҳкамлаш, ташкилий-амалий ишларни замон талаблари асосида олиб бориш, бу масалага кенг жамоатчиликни жалб этиш бўйича кейинги пайтда бирмунча ишлар амалга оширилаётганини таъкидлаш лозим.
Айни вақтда ўтказилган кузатиш ва таҳлиллар бу соҳада ўз ечимини кутаётган бир қатор долзарб муаммолар борлиги ва уларни кенг кўламда ҳал этиш зарурлигини кўрсатмоқда. Хусусан, халқимиз, аввало, ёшларнинг маънавий-маърифий, бадиий-эстетик талабларига жавоб берадиган китобларни юксак сифат билан чоп этиш, жойларга, таълим муассасаларига вақтида ва мақбул нархларда етказиш, миллий ва жаҳон адабиётининг энг сара намуналарини таржима қилиш, фарзандларимизда болаликдан бошлаб китоб, жумладан, электрон китоб ўқиш кўникмасини шакллантириш, жамиятимизда мутолаа маданиятини юксалтириш билан боғлиқ муҳим масалаларни ҳал этиш долзарб вазифа бўлиб қолмоқда.
Айниқса, ноширлик фаолиятини қўллаб-қувватлаш ва янада ривожлантириш, юртимизда соғлом рақобатга асосланган босма ва электрон китоблар бозорини шакллантиришни бугун ҳаётнинг ўзи тақозо этмоқда.
Маънавий ҳаётимизни юксалтиришда улкан аҳамиятга эга бўлган ана шундай муҳим вазифаларни комплекс ҳал қилиш, китоб маҳсулотларини нашр этиш ва тарқатиш тизимини такомиллаштириш, ўзбек ва дунё адабиётининг энг яхши намуналарини интернет тармоқларига жойлаштириш ва уларни тарғиб қилиш ҳамда кенг китобхонлар оммасига етказиш ишларини самарали ташкил этиш мақсадида:
1. Китоб маҳсулотларини нашр этиш ва тарқатиш тизимини ривожлантириш, китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини ошириш ҳамда тарғиб қилиш бўйича комплекс чора-тадбирлар дастури иловага мувофиқ тасдиқлансин.
Дастурда кўзда тутилган қуйидаги асосий вазифаларни амалга оширишга алоҳида эътибор қаратилсин:
китоб маҳсулотларини чоп этиш ва тарқатиш, ноширлик ва матбаа соҳаларини янада ривожлантиришга оид норматив-ҳуқуқий базани такомиллаштириш, ижтимоий аҳамиятга эга бўлган китобларни, айниқса, болаларга мўлжалланган адабиётларни чоп этишни давлат томонидан қўллаб-қувватлаш;
китоб маҳсулотлари бўйича давлат буюртмасининг асосий йўналишларини шакллантириш, адабий-бадиий, ўқув-услубий, илмий-назарий, илмий-оммабоп ва кўргазмали адабиётларни чоп этиш ва тарқатиш тизимини такомиллаштириш, ихтисослаштирилган китоб дўконлари фаолиятини ривожлантириш;
жаҳон адабиётининг энг сара намуналарини ўзбек тилига таржима қилиш бўйича давлат буюртмалари бериш, уларни зарур нусхаларда юксак сифат билан нашр этиш ва молиялаштириш тизимини йўлга қўйиш, китоб тарқатиш тизимини янада ривожлантириш ва китоб маҳсулотларининг нархини шакллантириш ва сотиш бўйича аниқ механизмларни ишлаб чиқиш чораларини белгилаш;
ахборот-кутубхона фаолиятини кучайтириш, таълим муассасалари ахборот-ресурс марказларининг кутубхона фондлари, кутубхоналар, ташкилот ва муассасаларнинг «Маънавият хоналари»ни ўқув-услубий, техник адабиётлар, адабий-бадиий, маърифий ва илмий-оммабоп китоблар билан бойитиш, уларнинг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш;
нашриётлар ва матбаа соҳаси мутахассисларини, бадиий ва техник муҳаррирлар, графикачи рассомлар, ахборот-кутубхона ходимларини тайёрлаш, малакасини ошириш ва рағбатлантириш тизимини такомиллаштириш;
лотин ёзувига асосланган янги ўзбек алифбосидаги илмий-техник, адабий-бадиий ва энциклопедик адабиётларни янада кўпайтириш бўйича аниқ чора-тадбирлар ишлаб чиқиш;
Ўзбекистон Миллий кутубхонаси ва ахборот-кутубхона марказларидаги барча турдаги ахборот-кутубхона ресурсларининг ягона базасини шакллантириш ва ундан бошқа ахборот-кутубхона муассасаларида туриб фойдаланишни таъминлаш;
қишлоқ аҳолисига кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини ташкил этиш чоралари тўғрисида тадбирлар режаси лойиҳасини тайёрлаш ва амалга ошириш;
мамлакатимизда интернет орқали зарур адабиётларни топиш ва харид қилиш имконини берадиган eReader электрон ўқув қурилмаларини ишлаб чиқаришни ташкил этиш, уларнинг ахборот базасига умумтаълим мактаблари, академик лицей ва касб-ҳунар коллежлари, олий ўқув юртлари учун дарсликлар, ўқув қўлланмалари, ўқув-услубий, илмий-назарий манбаларни жойлаштириш, бундай маҳсулотларни арзон нархларда сотиб олиш механизмларини йўлга қўйиш бўйича таклифлар тайёрлаш;
мазмунан саёз, миллий маънавият ва қадриятларимизга, ахлоқ меъёрларига мос келмайдиган, ёшлар тарбиясига салбий таъсир кўрсатиши мумкин бўлган адабиётларни тайёрлаш, босиб чиқариш ва тарқатишнинг олдини олиш чораларини кўриш;
китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини оширишга доир тарғибот ишларини тизимли ва самарали ташкил этиш, бу борада китобхонлар, кутубхоначи ва тарғиботчилар ўртасида «Энг китобхон мактаб», «Энг китобхон маҳалла», «Энг китобхон оила», «Энг фаол кутубхоначи» каби кўрик-танловларнинг саралаш ва республика босқичларини юқори савияда ўтказишни йўлга қўйиш.
2. Ўзбекистон Матбуот ва ахборот агентлиги китоб маҳсулотларини чоп этиш ва тарқатиш тизимини такомиллаштириш ҳамда ахборот-кутубхона фаолияти соҳасидаги махсус ваколатли давлат органи этиб белгилансин.
3. Белгилаб қўйилсинки:
дастурда кўрсатилган чора-тадбирларни ўз вақтида ва сифатли амалга ошириш тегишли вазирлик ва идоралар, маҳаллий давлат ҳокимияти органлари ҳамда уларнинг мансабдор шахсларининг устувор вазифаларидан бири ҳисобланади;
Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари ҳар бир шаҳар ва туманда китоб савдосига ихтисослаштирилган дўконларни ташкил этиш, уларни қўллаб-қувватлаш мақсадида юридик шахс мақомидаги тадбиркорлик субъектларига фойдаланилмаётган давлат мулки объектларининг текин фойдаланиш учун берилишини таъминлайди;
савдо айланмасида китоб сотиш улушининг ҳажми 70 фоиздан кўп бўлган юридик шахс мақомидаги тадбиркорлик субъектларининг алоҳида статистик ҳисоби юритилади ва улар 2020 йил 1 январга қадар ягона солиқ тўловини тўлашдан озод этилади;
Ўзбекистон Миллий телерадиокомпанияси, Ўзбекистон Миллий ахборот агентлиги ва бошқа оммавий ахборот воситаларига шу йўналишда мунтазам равишда махсус кўрсатув ва эшиттиришлар, мақолалар тайёрлаш ва эълон қилиш тавсия этилади.
4. Ўзбекистон Республикаси Марказий банки, тижорат банкларига китоб савдосига ихтисослаштирилган замонавий дўконлар, шунингдек, нашриёт ва матбаа корхоналарининг моддий-техника базасини мустаҳкамлаш, уларнинг айланма маблағларини тўлдириш ҳамда янги китоб дўконларини қуриш учун Марказий банкнинг йиллик қайта молиялаштириш ставкасидан ошмаган фоизларда имтиёзли кредитлар ажратиш тавсия этилсин.
5. Ўзбекистон Матбуот ва ахборот агентлиги Адлия вазирлиги ва бошқа манфаатдор вазирлик ва идоралар билан биргаликда икки ой муддатда:
қонун ҳужжатларига ушбу қарордан келиб чиқадиган ўзгартириш ва қўшимчалар киритиш тўғрисида Вазирлар Маҳкамасига таклифлар киритсин;
идоравий норматив-ҳуқуқий ҳужжатларни ушбу қарорга мувофиқлаштирсин.
6. Мазкур қарорнинг бажарилишини назорат қилиш Ўзбекистон Республикаси Бош вазири А. Арипов ва Ўзбекистон Республикаси Президентининг Давлат маслаҳатчиси Х. Султонов зиммасига юклансин.
Lex.UZ шарҳи
Ушбу қарор «Халқ сўзи» газетасининг 2017 йил 14 сентябрдаги 184 (6878)-сонида эълон қилинган.
Ўзбекистон Республикаси Президенти Ш. МИРЗИЁЕВ
Тошкент ш.,
2017 йил 13 сентябрь,
ПҚ-3271-сон
Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2017 йил 13 сентябрдаги ПҚ-3271-сонли қарорига
ИЛОВА
Китоб маҳсулотларини нашр этиш ва тарқатиш тизимини ривожлантириш, китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини ошириш ҳамда тарғиб қилиш бўйича комплекс чора-тадбирлар
ДАСТУРИ
Т/р Чора-тадбирлар Ижро муддати Ижро учун масъуллар Амалга ошириш механизми, кутилаётган натижа
I. Китоб маҳсулотларини чоп этиш ва тарқатиш, ноширлик ва матбаа соҳаларини янада ривожлантиришга йўналтирилган норматив-ҳуқуқий базани такомиллаштириш ҳамда ижтимоий аҳамиятга молик китобларни, айниқса болалар адабиётларини чоп этишни давлат томонидан қўллаб-қувватлаш
1. Янги таҳрирдаги «Ноширлик фаолияти тўғрисида»ги Ўзбекистон Республикаси қонуни лойиҳасини ишлаб чиқиш. 2018 йил март Матбуот ва ахборот агентлиги, Иқтисодиёт вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Адлия вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги Янги таҳрирдаги «Ноширлик фаолияти тўғрисида»ги Ўзбекистон Республикасининг қонуни лойиҳаси.
Лойиҳада нашриётлар фаолиятини қўллаб-қувватлаш ва ривожлантириш борасидаги норматив-ҳуқуқий базани такомиллаштириш;
китоб маҳсулотлари чоп этишни давлат томонидан қўллаб-қувватлашнинг аниқ шакл ва механизмларини белгилаш;
ижтимоий аҳамиятга молик адабиётларга грантлар ажратиш, ноширлар ва адибларни молиявий рағбатлантириш;
болалар адабиётига ихтисослаштирилган нашриётларга молиявий имтиёзларни кафолатлаш назарда тутилади.
2. Болалар адабиётига ихтисослашган нашриётларга молиявий имтиёзлар бериш, моддий қўллаб-қувватлаш ва ривожлантириш тизимини такомиллаштириш бўйича аниқ таклифлар ишлаб чиқиш. 2018 йил март Матбуот ва ахборот агентлиги, Иқтисодиёт вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази,
Давлат солиқ қўмитаси, Давлат божхона қўмитаси Ўзбекистон Республикаси Президенти қарори лойиҳаси.
Болалар адабиётига ихтисослаштирилган нашриётларни қўллаб-қувватлаш ва ривожлантириш тўғрисидаги чора-тадбирлар дастури ишлаб чиқилади.
Болалар адабиётини нашр қилишга ихтисослаштирилган нашриётларни аниқлаш мезонлари белгиланади ва уларни моддий қўллаб-қувватлаш йўлга қўйилади.
II. Китоб маҳсулотлари умумий буюртмасини шакллантириш, чоп этиш ва тарқатиш тизимини такомиллаштириш, ихтисослаштирилган китоб дўконлари фаолиятини ривожлантириш
3. Аҳолининг илмий-маърифий, бадиий, энциклопедик ва болалар адабиётларига бўлган талабини қондириш мақсадида мамлакатимиз нашриётларида мавжуд китобларнинг электрон каталогини яратиш ва тизимли равишда янгилаб бориш. 2017 йил сентябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, «Шарқ» НМАК,
«Ўзбекистон почтаси» АЖ, нашриётлар Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Аҳолининг китоб маҳсулотларига бўлган эҳтиёжини қондиришда қулайликяратиладивачопэтиладиган китобларни нашриётлардан ҳудудларга арзон нархларда етказиш, онлайн буюртма бериш ва уларни почта орқали китобхонларга етказиб бериш тизими жорий этилади.
4. Аҳоли, айниқса ёшлар дунёқарашини кенгайтириш, интеллектуал савиясини ўстириш, маънавий оламини бойитишга оид илмий-маърифий, бадиий адабиётлар (жумладан, электрон шаклда) бўйича умумий буюртмалар рўйхатини шакллантирувчи экспертлар гуруҳини тузиш. 2017 йил октябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, Ёзувчилар уюшмаси, «Ижтимоий фикр» жамоатчилик маркази,
Интеллектуал мулк агентлиги, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Экспертлар гуруҳи низоми тасдиқланади. Унда ижтимоий сўровлар ёрдамида ёшларнинг дунёқарашини кенгайтириш, интеллектуал савиясини ўстиришга оид адабиётлар бўйича умумий буюртмалар рўйхатини шакллантириш, нашриётларнинг мавзу режаларига тегишли таклифлар тайёрлаш, ташкилот ва муассасаларнинг «Маънавият хоналари», кутубхона ва таълим муассасаларини ёшлар маънавиятини юксалтиришга хизмат қиладиган адабиётлар билан бойитиш борасида хулосалар тайёрланади.
5. Жаҳон адабиётининг энг сара намуналарини ўзбек тилига таржима қилиш бўйича давлат буюртмалари бериш, уларни кўп нусхада юксак сифат билан нашр этиш ва молиялаштириш тизимини йўлга қўйиш, китоб тарқатиш тизимини янада ривожлантириш ва китоб маҳсулотларининг нархини шакллан-тириш ва сотиш бўйича аниқ механизмларни ишлаб чиқиш чораларини белгилаш. 2018 йил март Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Халқ таълими вазирлиги, Молия вазирлиги, Матбуот ва ахборот агентлиги, Фанлар академияси, Ёзувчилар уюшмаси, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Республика Маънавият ва маърифат маркази, Интеллектуал мулк агентлиги Вазирлар Маҳкамаси қарори лойиҳаси.
Лойиҳада жаҳон адабиётининг энг сара намуналарини ўзбек тилига таржима қилишга давлат буюртмалари бериш тизимини йўлга қўйиш, мамлакатда китоб тарқатиш тизимини янада ривожлантириш ва аҳолининг кенг қатламини қамраб олиш, китоб маҳсулотларининг нархини шакллантириш ва сотиш бўйича аниқ механизмлари ишлаб чиқилади.
6. Ноширлик-матбаа, ахборот-кутубхона соҳаларига оид давлат стандартларини янада такомиллаштириш бўйича чоралар кўриш. Ҳар йили режа асосида «Ўзстандарт» агентлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги Соҳада тегишли стандартларни такомиллаштириш бўйича йиллик иш режалари.
Ноширлик-матбаа ва ахборот-кутубхона соҳаларига оид давлат стандартларини халқаро стандарт нормалари асосида такомиллаштириш орқали сифатли китоб маҳсулотларини тайёрлашга ҳамда уларни хорижий мамлакатларга экспорт қилишга эришилади.
7. Мазмунан саёз, ахлоқ меъёрлари, миллий маънавият ва қадриятларимизга мос келмайдиган, ёшлар тарбиясига салбий таъсир кўрсатиши мумкин бўлган адабиётларни тайёрлаш, босиб чиқариш ва тарқатишнинг олдини олиш чораларини кўриш. Йил давомида Матбуот ва ахборот агентлиги, Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги, Давлат солиқ қўмитаси,
Давлат божхона қўмитаси,
Ички ишлар вазирлиги,
Ёзувчилар уюшмаси, Республика Маънавият ва маърифат маркази, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Нашриётлар фаолияти бўйича мониторинг ишлари олиб борилади ҳамда уларни хатловдан ўтказиш, ноқонуний матбаа ва ноширлик фаолияти билан шуғулланувчи хўжалик субъектларини аниқлаш орқали уларга нисбатан қонун доирасида тегишли чоралар кўрилади.
8. Республика китоб дўконлари фаолиятини рағбатлантириш чораларини амалга ошириш. 2017 йил октябрь — декабрдан бошлаб ҳар йили Матбуот ва ахборот агентлиги, Ёзувчилар уюшмаси,
«Маҳалла» фонди,
Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари Ижрочиларнинг қўшма қарори.
«Ҳар бир шаҳар ва қишлоқда — замонавий китоб дўкони» акцияси доирасида «Намунали китоб дўкони» республика танловини ташкил этиш ва ўтказиш.
Китоб дўконлари фаолиятини қўллаб-қувватлаш орқали аҳолига намунали хизмат кўрсатиш сифати оширилади ҳамда жамиятда китобнинг ўрни ва аҳамияти кенг тарғиб этилади.
III. Ахборот-кутубхона фаолиятини ривожлантириш, ахборот-ресурс марказлари ҳамда таълим муассасаларини ўқув адабиётлари, бадиий, маърифий, дунёқарашни кенгайтирадиган илмий-оммабоп китоблар билан бойитиш, уларнинг моддий-техник базасини мустаҳкамлаш
9. Таълим муассасалари, ахборот- ресурс марказларининг кутубхона фонди, кутубхоналар учун бадиий, маърифий, илмий-оммабоп, тарбиявий, ёшларнинг интеллектуал салоҳиятини оширишга йўналтирилган адабиётларни харид қилиш бўйича зарур бўлган молиявий манбаларни аниқлаш ва улар ҳисобидан ушбу муассасаларни китоблар билан таъминлаш чораларини кўриш. 2017 йил сентябрь Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги, Иқтисодиёт вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Маданият вазирлиги,
Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Республика Маънавият ва маърифат маркази Таълим муассасалари, ахборот-ресурс марказларининг кутубхона фонди, кутубхоналарни бадиий, маърифий, илмий-оммабоп, тарбиявий, ёшларнинг интеллектуал салоҳиятини оширишга хизмат қиладиган адабиётлар билан таъминлаш тартиби ва меъёрлари тўғрисида низом лойиҳасини ҳамда адабиётларни босқичма-босқич етказиб бериш жадвали ишлаб чиқилади.
Таълим ва маданият муассасалари учун адабиётлар харид қилиш тизимини такомиллаштиришга эришилади.
10. Ўзбек мумтоз ва замонавий адабиёти ҳамда жаҳон адабиётининг буюк бадиий намуналарининг аудио вариантларини яратиш, сотувга чиқариш ҳамда Интернет тармоғига жойлаштириш, энг сара асарларнинг Интернет тармоғидаги ягона электрон базасини яратиш ҳамда уларни ижтимоий тармоқларга жойлаштириш масалаларини ўрганиш ва аниқ амалий таклифлар тайёрлаш. 2017 йил ноябрь Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги, Молия вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги, Интеллектуал мулк агентлиги, Ёзувчилар уюшмаси, нашриётлар Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Ўзбек мумтоз ва замонавий адабиёти ҳамда жаҳон адабиётининг энг сара намуналарини китоб тарзида чоп этиш ва уларнинг электрон вариантларини кенг китобхонларга тақдим этиш, глобал Интернет тармоғи, жумладан, ижтимоий тармоқларда тарқатиш орқали ёш авлодни адабиётга меҳр-муҳаббат, миллий ғоя ва ватанпарварлик руҳида тарбиялашда китобнинг аҳамиятини оширишга эришилади.
11. Лотин ёзувига асосланган янги ўзбек алифбосидаги илмий-техник, бадиий ва энциклопедик адабиётларни янада кўпайтириш чораларини кўриш бўйича аниқ таклифлар тайёрлаш. 2018 йил февраль Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги, Иқтисодиёт вазирлиги,
Молия вазирлиги,
Фанлар академияси Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Лотин алифбосида олий ва ўрта махсус таълим муассасалари учун илмий-техник адабиётлар, шунингдек,
12 жилддан иборат «Ўзбекистон миллий энциклопедияси»нинг тўлдирилган нашрини, ҳар йили қўшимча равишда «Энциклопедия йилнома»сини чоп этиш йўлга қўйилади.
12. Ўзбекистонда электрон ўқув қурилмалари (eReader)ни ишлаб чиқаришни ташкил этиш, уларга умумтаълим мактаблари дарсликлари ва касб-ҳунар коллежлари, академик лицейлар учун ўқув адабиётларини жойлаштириш, уларни имтиёзли нархларда сотиб олиш механизмини ташкил қилиш бўйича таклифлар тайёрлаш. 2018 йил май Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, Иқтисодиёт вазирлиги,
Матбуот ва ахборот агентлиги, «Ўзстандарт» агентлиги Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Электрон ўқув қурилмалари (eReader)ни ишлаб чиқаришни ташкил этиш ва амалиётга жорий этиш масалалари акс этади.
Электрон ўқув қурилмаларини амалиётга жорий этиш орқали умумтаълим мактабларида дарсликларнинг етишмаслиги муаммоси ҳал этилади ҳамда қоғозни тежаш ва уни импорт қилиш ҳажмини камайтиришга эришилади.
13. Қўлёзма ва китобларни тақриз қилиш, нашриётларнинг мавзу режаларини ишлаб чиқишда Ёзувчилар уюшмаси қошидаги бадиий кенгашлар билан нашриётларнинг яқин ҳамкорлигини ташкил этиш. 2017 йил сентябрь Ёзувчилар уюшмаси,
Матбуот ва ахборот агентлиги, Республика Маънавият ва маърифат маркази Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Сермазмун ва бадиий жиҳатдан юқори савиядаги адабиётлар нашр этилишига кўмаклашиш, барча жанрлардаги адабий-бадиий ҳамда публицистик асарларнинг бадиий етуклигини таъминлаш, умуминсоний қадриятларга, ижтимоий мезонларга тўғри келмайдиган китоблар нашр этилишининг олдини олишга эришилади.
14. Мамлакатимиздаги ахборот-кутубхона муассасаларига ёшларни фаол жалб этиш борасидаги тадбирлар режасини ишлаб чиқиш.
Ахборот-кутубхона муассасаларида «Китобхонлар клуби»ни ташкил этиш. 2017 йил сентябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Халқ таълими вазирлиги, Маданият вазирлиги,
Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, Ёзувчилар уюшмаси, Республика Маънавият ва маърифат маркази Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Мунтазам равишда фаолият кўрсатадиган китоб кўргазмалари, ёшлар билан суҳбатлар, янги нашрлар тақдимотларини ташкил этиш орқали аҳолини жаҳон адабиётининг таржима қилинган энг яхши намуналари билан таништириш, ахборот маданияти ва замонавий мутолаа маданиятини ва фикрлаш савиясини янада ошириш мақсадида ижтимоий фаол ёшларни кўнгиллилар ҳаракатига жалб этиш, кутубхоначи ва тарғиботчилар орасида турли танловлар ўтказиш масалалари қамраб олинади.
15. Ахборот-кутубхона муассасаларини Республика, маҳаллий вақтли нашрлари, бадиий адабиётлар билан доимий тўлдириб бориш борасида республика нашриётлари ҳамкорлигини такомиллаштириш. 2017 йил сентябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Ахборот-кутубхона муассасалари фондларини таъминлашнинг марказлаштирилган тизимини ташкил этиш борасида кутубхона коллектори билан ишлаш бўйича марказлаштирилган ахборот тизими такомиллашади ва нашриётлар билан ҳамкорлик йўлга қўйилади.
16. Ўзбекистон Миллий кутубхонаси ва ахборот-кутубхона марказларидаги барча турдаги ахборот-кутубхона ресурсларининг ягона базасини шакллантириш ва ундан бошқа ахборот-кутубхона муассасаларида туриб фойдаланишни таъминлаш. 2018 йил ноябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Ахборот-кутубхона марказлари, Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги, Маданият вазирлиги Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Лойиҳани амалга ошир�ш орқали аҳоли ва китобхонлар учун барча турдаги ахборот-кутубхона ресурслари, уларнинг жойлашган ўрни тўғрисидаги маълумотларни тақдим этиш, шу билан бирга, электрон ахборот-кутубхона ресурсларидан исталган жойда туриб фойдаланиш учун шароитлар яратилади.
17. Қишлоқ аҳолисига кутубхона хизмати кўрсатиш тизимини ташкил этиш чоралари тўғрисида тадбирлар режаси лойиҳасини тайёрлаш. 2017 йил ноябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Ахборот-кутубхона марказлари, Молия вазирлиги,
Маданият вазирлиги, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши ва вилоятлар ҳокимликлари Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Туман марказларидан узоқда жойлашган аҳолининг китобга бўлган талабини қондириш мақсадида бадиий, илмий, маърифий китоблар билан таъминланган ва замонавий электрон ускуналар билан жиҳозланган «Библиобус»лар ташкил этган ҳолда хизмат кўрсатиш йўлга қўйилади.
18. Тошкент шаҳридаги «Билим», Тошкент вилоятидаги «Турон» ахборот-кутубхона марказлари учун янги бино ажратиш ҳамда Самарқанд, Андижон, Хоразм ахборот-кутубхона муассасалари биноларини капитал таъмирлаш ва жиҳозлаш бўйича таклифлар тайёрлаш. 2018 йил февраль Иқтисодиёт вазирлиги, Молия вазирлиги, Маданият вазирлиги, Тошкент шаҳри, Тошкент, Самарқанд, Андижон, Хоразм вилоятлари ҳокимликлари Вазирлар Маҳкамасининг қарори лойиҳаси.
Аҳолига кутубхона хизматини кўрсатиш сифатини оширишга эришилади ҳамда фондлардаги ресурсларни тегишли тарзда сақлаш учун шароитлар яратилади.
19. Жамоат жойларида QR-кодлар ёрдамида Ўзбекистон Миллий кутубхонаси электрон китоблари тўғрисидаги маълумотларни махсус таблоларда жойлаштириш ва уларни мобил қурилмаларга юклаб олиш ва ўқиш имкониятини яратиш. 2018 йил ноябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, «Ўзбекистон темир йўллари» АЖ, «Ўзбекистон ҳаво йўллари» АК, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Жамоат жойларида, вокзаллар ва аэропортларнинг кутиш залларида, автобус бекатларида QR-кодлар (штрих кодлар) ёпиштирилган кутубхона таблоларини жойлаштириш орқали ёшларнинг китобларни замонавий мобил қурилмаларида ўқиши ва электрон нусхаларини юклаб олиши учун имкон яратилади.
20. Электрон турдаги ахборот-кутубхона ресурсларини кўпайтириш ва улардан Интернет тармоғи орқали фойдаланиш дастурини ишлаб чиқиш. 2018 йил июль Матбуот ва ахборот агентлиги,Ахборот технологиялари ва коммуникацияларини ривожлантириш вазирлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Халқ таълими вазирлиги, Маданият вазирлиги Ижрочиларнинг қўшма қарори.
«Миллий умумтаълим электрон кутубхона» лойиҳаси бўйича яратиладиган электрон нусхалар ҳамда мультимедиа маҳсулотларидан масофадан туриб фойдаланиш учун шароитлар яратилади.
21. «Infolib Uzbekistan» миллий ахборот-кутубхона ҳафталигини ташкил этиш ва ўтказиш. 2017 йил ноябрь-декабрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Халқ таълими вазирлиги Ижрочиларнинг қўшма қарори.
Ҳафталик доирасида турли мавзуларда онлайн конференциялар ташкил этиш орқали аҳоли, айниқса, ёш авлоднинг кутубхона хизматларидан фойдаланиш кўникмалари шакллантирилади.
22. Таълим муассасаларида синфдан ташқари ўқиш учун тавсия этилган ўзбек ва чет эл адибларининг мумтоз ва замонавий асарларини танлаб, хрестоматия адабиётлари рўйхатларини қайта кўриб чиқиш. 2017 йил август-сентябрь Халқ таълими вазирлиги,Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, «Оила» илмий-амалий маркази, Республика Маънавият ва маърифат маркази, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи Ижрочилар вакилларидан иборат комиссиянинг иш режаси.
Таълим муассасалари ўқувчиларига тавсия этилган адабиётлар қайта хатловдан ўтказилади. Ўқувчиларнинг ёш хусусиятидан келиб чиқиб, синфдан ташқари ўқиши учун адабиётларнинг янгиланган рўйхати бўйича тавсиялар ишлаб чиқилади.
IV. Ноширлар, матбаачилар, ахборот-кутубхона ходимларини тайёрлаш, малакасини ошириш ва рағбатлантириш тизимини такомиллаштириш
23. Ахборот-кутубхона кадрлари фаолиятини қўллаб-қувватлаш тадбирларини ишлаб чиқиш. 2017 йил сентябрь Маданият вазирлиги, Матбуот ва ахборот агентлиги, Меҳнат вазирлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази Ижрочиларнинг тадбирлар режаси.
«Ахборот-кутубхона муассасасининг энг яхши мутахассиси» номинацияси учун миллий касбий танловни ташкил этиш, ахборот-кутубхона муассасалари мутахассисларига методик ёрдам кўрсатиш мақсадида сайёр ўқув семинарларини ташкил қилиш, етакчи миллий, жумладан, чет эл кутубхоналарида малака оширишни ташкил этиш тадбирлари назарда тутилади.
24. Ноширлар ва матбаа ходимлари малакасини ошириш ва рағбатлантириш чора-тадбирларини ишлаб чиқиш. 2017 йил сентябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Ёзувчилар уюшмаси, Республика Маънавият ва маърифат маркази Ижрочиларнинг қўшма қарори ва дастури.
Касбий малака ва кўникмаларни оширишнинг қисқа ўқув курсларини ташкил этиш, миллий ва хорижий тажрибадан келиб чиққан ҳолда давра суҳбатлари, семинар ва конференциялар ўтказиш, ўқув қўлланмалари яратиш орқали ношир ва матбаа ходимларининг малакаси оширилади. Чоп этилаётган китоб маҳсулотлари сифати яхшиланади.
25. Ноширлар ва матбаачиларни рағбатлантириш чораларини белгилаш. Ҳар йили Матбуот ва ахборот агентлиги, Республика Маънавият ва маърифат маркази,
Ўзбекистон ёшлар иттифоқи «Ёшларнинг энг севимли китоби», «Йилнинг энг яхши китоби» каби республика кўрик-танловларини ташкил этиш ва ўтказиш юзасидан ижрочиларнинг қўшма қарори.
V. Китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини ошириш борасида тарғибот-ташвиқот ишларини самарали ва тизимли ташкил этиш
26. Аҳоли, айниқса, ўсиб келаётган ёш авлод ўртасида китобхонлик маданиятини ривожлантириш ва адабий меросни кенг тарғиб қилиш, муаллиф ва ноширларни маънавий рағбатлантиришга қаратилган чораларни белгилаш. Ҳар йили
май, сентябрь Матбуот ва ахборот агентлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Халқ таълими вазирлиги, Маданият вазирлиги, Хотин-қизлар қўмитаси, Республика Маънавият ва маърифат маркази, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгаши, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
«Ёшларнинг маънавий оламини шакллантиришда кутубхоналар ўрни», «Ўзбек миллий-маданий меросини тарғиб этишда кутубхоналарнинг ўрни» мавзуларида илмий-амалий анжуманлар, «Китоб байрами», «Болалар китоби» республика фестивали, «Ёшларнинг энг севимли китоби», «Йилнинг энг яхши китоби» республика кўрик-танловларини ўтказиш ҳамда Зулфия номидаги давлат мукофотининг адабиёт йўналиши бўйича совриндорларининг ижод намуналарини тарғиб қилиш.
27. Мамлакатимиздаги етакчи адабий-бадиий, ижтимоий-маърифий даврий босма нашрларда миллий мумтоз ва замонавий адабиётимиз намуналарини кенг тарғиб қилишни тизимли амалга ошириш. Доимий Матбуот ва ахборот агентлиги, Ёзувчилар уюшмаси, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, «Ўзбекистон адабиёти ва санъати», «Китоб дунёси», «Шарқ зиёси», «Оила даврасида» газеталари, «Шарқ юлдузи», «Тафаккур», «Маънавий ҳаёт», «Ёшлик» журналлари Марказий нашриётларда чоп этилган янги нашрлар билан таништириш, улар ҳақида ёзувчилар, адабий танқидчилар ва китобхонларнинг фикр-мулоҳазаларини ёритиб бориш орқали аҳолида китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини ривожлантиришга ҳисса қўшилади.
«Маънавият ва миллий қадриятлар тарғиботида адиб ва ношир масъулияти ҳамда китобнинг ўрни» мавзусида туркум мақолалар эълон қилиб борилади.
28. «Маданият ва маърифат» телеканалида китобхонлик, китоб ўқиш ва китоб мутолааси маданиятини ошириш ҳамда янги нашрдан чиққан бадиий адабиётлар муҳокамасига йўналтирилган ток-шоу ташкил этиш. Мунтазам Миллий телерадиокомпания, Ёзувчилар уюшмаси,
Матбуот ва ахборот агентлиги, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Республика Маънавият ва маърифат маркази, «Шарқ» НМАК Ижрочиларнинг қўшма медиа-режаси.
Ток-шоуларда аҳолининг китобхонлик, китоб ўқиш маданиятини ошириш, шунингдек бадиий, маърифий, илмий-оммабоп, тарбиявий ҳамда тарихий китоблар ва маънавий-бадиий жиҳатдан юксак савиядаги адабиётларнинг аҳоли ўртасида кенг тарғиботи йўлга қўйилади.
29. Электрон оммавий ахборот воситаларида китоб мутолааси ва китобхонлик маданиятини ривожлантириш ҳамда бу китобларнинг тарғибот-ташвиқотини олиб боришни изчил йўлга қўйиш. Доимий Электрон оммавий воситалари миллий ассоциацияси,
Миллий телерадиокомпания, Ёзувчилар уюшмаси,
Матбуот ва ахборот агентлиги, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, «Шарқ» НМАК Ижрочиларнинг қўшма медиа-режаси.
Турли мавзуларга оид совринли интеллектуал телевикториналар орқали ёшларнинг интеллектуал салоҳиятини юксалтиришга қаратилган адабиётлар тарғиботи тизимли йўлга қўйилади ва қадриятларимизни асраб-авайлаш ва улуғлашга берилаётган эътибор жамоатчиликка етказилади.
30. Таълим, ахборот кутубхона муассасалари, маҳаллаларда китоб муаллифлари билан ижодий учрашувларни тизимли равишда ташкил этиш. Доимий Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Халқ таълими вазирлиги, Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, Ёзувчилар уюшмаси, Матбуот ва ахборот агентлиги, «Маҳалла» фонди, Республика Маънавият тарғибот маркази, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи Ижрочиларнинг қўшма қарори билан тасдиқланадиган амалий режа.
Республика таълим муассасалари ва ахборот-ресурс марказларида «Ёшлар дунёсида китобнинг ўрни» тадбирлар режасига мувофиқ халқимизнинг маънавий мулкига айланган китоблар тарғиботи, ёшларнинг бир-бирига китоб совға қилишларини кенг оммалаштириш, маънавиятга қарши қаратилган хуружларнинг реал хавфи ҳақида атрофлича муҳокама олиб борилади.
31. Мактабгача ва умумий ўрта таълим, ўрта махсус касб-ҳунар таълим муассасалари ўқувчилари, олий ўқув юртлари талабаларининг мутолаа маданияти ва китобхонлик кўникмаларини шакллантиришга қаратилган чора-тадбирларни белгилаш. Доимий Халқ таълими вазирлиги, «Оила» илмий-амалий маркази, Матбуот ва ахборот агентлиги, Республика Маънавият ва маърифат маркази, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи Ижрочиларнинг қўшма қарори ва амалий режаси.
«Китобим — офтобим» тадбирлар режасига мувофиқ болаларнинг китоб мутолааси кўникмаларини шакллантириш, ота-оналарга фарзандларининг китоб ўқишга меҳр қўйишга доир тавсиялар бериб борилади.
32. Мактабгача ва умумий ўрта таълим, ўрта махсус касб-ҳунар таълим муассасалари ўқувчилари, олий ўқув юртлари талабаларининг мутолаа маданияти ва китобхонлик кўникмаларини шакллантириш бўйича методик тавсиялар ишлаб чиқиш. 2017 йил сентябрь Халқ таълими вазирлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Республика таълим маркази, Республика болалар кутубхонаси Ижрочиларнинг чора-тадбирлар режаси.
Тарбиячи ва ўқитувчилар учун методик тавсиялар ишлаб чиқилади ва семинар-тренинглар ўтказиб борилади.
33. Маҳалла фуқаролар йиғинларида кутубхоналар (китоблар бурчаги) ташкил этиш чора-тадбирларини амалга ошириш юзасидан таклифлар киритиш. 2017 йил октябрь «Маҳалла» фонди, Матбуот ва ахборот агентлиги, Республика Маънавият ва маърифат маркази Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Маҳалла фуқаролар йиғинларида кутубхоналар (китоблар бурчаги)ни ташкил этиш ва улар фаолиятини юритиш тартиби бўйича тавсиялар ишлаб чиқилади.
34. Таълим муассасаларида ўқув жараёнига мутолаа қилинган асарлар асосида иншо ёзиш тизимини жорий этиш, адабиёт тўгаракларини ташкил этиш ва фаолиятини моддий қўллаб-қувватлаш тизимини қайта кўриб чиқиш. 2017 йил сентябрь — 2018 йил май Халқ таълими вазирлиги, Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги, Ўрта махсус, касб-ҳунар таълими маркази, Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, Республика Маънавият ва маърифат маркази Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Таълим муассасаларида ҳар ўқув йилида «Мен севган асар», «Мен севган адабий қаҳрамон», «Мен нечун севаман Ўзбекистонни» каби мавзуларда иншолар танлови ташкил этилади ва ғолиблар моддий ва маънавий рағбатлантирилади.
35. Ҳудудларда ёзувчилар, шоирлар ва олимлар иштирокида китоб байрами ва ярмаркаларини ташкил этиш, аҳоли ўртасида миллий ва жаҳон мумтоз адабиётининг юксак намуналарини тарғиб қилиш. Доимий Ёзувчилар уюшмаси,
Халқ таълими вазирлиги,
Маданият вазирлиги,
Олий ва ўрта махсус таълим вазирлиги,
Мудофаа вазирлиги,
Республика Маънавият ва маърифат маркази,
Ўзбекистон ёшлар иттифоқи, «Оила» илмий-амалий маркази, «Маҳалла» фонди, Матбуот ва ахборот агентлиги, Қорақалпоғистон Республикаси Жўқорғи Кенгеси, вилоятлар ва Тошкент шаҳри ҳокимликлари Вазирлар Маҳкамаси йиғилиши баёни.
Ҳудудларда китоб байрами ва ярмаркаларини ташкил этиш, аҳоли ўртасида миллий ва жаҳон мумтоз адабиётининг юксак намуналарини тарғиб қилиш, жумладан нашриётлар, китобхонлар ҳамда кутубхоначи ва тарғиботчилар орасида «Йилнинг энг яхши китоби», «Энг китобхон мактаб», «Энг китобхон маҳалла» «Энг китобхон оила», «Йилнинг энг яхши болалар китоби», «Йилнинг энг яхши аудио китоби», «Йилнинг энг яхши электрон китоби» каби танловлар ўтказиш ҳақидаги низом тасдиқланади.
Ноширлар ва муаллиф адибларни эришган ютуқларидан келиб чиқиб, доимий молиявий рағбатлантириш тизими шаклланади.

(Ўзбекистон Республикаси қонун ҳужжатлари тўплами, 2017 й., 38-сон, 1029-модда)

 
Chat
Operator

Salom. operatorga yozishingiz mumkin.

Yuborish